Наука и инновации 4-jild 70-son (2026) · 149-156-betlar

RAQAMLI PLATFORMALARDA DEZINFORMATSIYANING TARQALISH SHAKLLARI: FOYDALANUVCHI ISHTIROKI, ALGORITMIK TAVSIYA VA KONTENTNING TEZ TARQALUVCHANLIGI

Jahongirova, Iqbola

Manbada oʻqish PDF

Annotatsiya

Mazkur maqolada raqamli platformalarda dezinformatsiyaning tarqalish shakllari va ularning yuzaga kelish mexanizmlari tahlil qilinadi. Tadqiqotda dezinformatsiyaning tarqalishiga ta’sir ko‘rsatuvchi uch asosiy omil – foydalanuvchi ishtiroki, algoritmik tavsiya tizimlari va kontentning tez tarqaluvchanligi – o‘zaro bog‘liq jarayonlar sifatida ko‘rib chiqiladi. Raqamli platformalarda foydalanuvchilarning axborotni yaratish, ulashish, sharhlash va qayta tarqatishdagi faolligi dezinformatsion kontentning auditoriya orasida ommalashuviga qanday ta’sir qilishi yoritiladi. Shuningdek, algoritmik tavsiya mexanizmlarining kontent ko‘rinuvchanligini oshirish va ayrim axborotlarni kengroq auditoriyaga yetkazishdagi roli tahlil qilinadi. Kontentning tez tarqaluvchanligi esa axborotning qisqa vaqt ichida katta auditoriyani qamrab olishi, qayta ulashilishi va tarqalish ko‘lamining kengayishi bilan bog‘liq holda tadqiq etiladi. Maqolada mavjud ilmiy tadqiqotlar asosida raqamli platformalarda dezinformatsiyaning tarqalishi yagona omil bilan emas, balki foydalanuvchi xatti-harakati, algoritmik mexanizmlar va kontentning tarqalish xususiyatlari o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir natijasida shakllanishi asoslanadi.

dezinformatsiya, raqamli platformalar, ijtimoiy media, foydalanuvchi ishtiroki, algoritmik tavsiya, algoritmik amplifikatsiya, kontentning tez tarqaluvchanligi, axborot tarqalishi, raqamli kommunikatsiya, media.

Toʻliq matn

RAQAMLI PLATFORMALARDA DEZINFORMATSIYANING TARQALISH SHAKLLARI: FOYDALANUVCHI ISHTIROKI, ALGORITMIK TAVSIYA VA KONTENTNING TEZ TARQALUVCHANLIGI Jahongirova Iqbola Jalil qizi O‘zMU Jurnalistika va o‘zbek filologiyasi 2-kurs magistranti ikbolajakhongirova.spc@gmail.com Annotatsiya. Mazkur maqolada raqamli platformalarda dezinformatsiyaning tarqalish shakllari va ularning yuzaga kelish mexanizmlari tahlil qilinadi. Tadqiqotda dezinformatsiyaning tarqalishiga ta’sir ko‘rsatuvchi uch asosiy omil – foydalanuvchi ishtiroki, algoritmik tavsiya tizimlari va kontentning tez tarqaluvchanligi – o‘zaro bog‘liq jarayonlar sifatida ko‘rib chiqiladi. Raqamli platformalarda foydalanuvchilarning axborotni yaratish, ulashish, sharhlash va qayta tarqatishdagi faolligi dezinformatsion kontentning auditoriya orasida ommalashuviga qanday ta’sir qilishi yoritiladi. Shuningdek, algoritmik tavsiya mexanizmlarining kontent ko‘rinuvchanligini oshirish va ayrim axborotlarni kengroq auditoriyaga yetkazishdagi roli tahlil qilinadi. Kontentning tez tarqaluvchanligi esa axborotning qisqa vaqt ichida katta auditoriyani qamrab olishi, qayta ulashilishi va tarqalish ko‘lamining kengayishi bilan bog‘liq holda tadqiq etiladi. Maqolada mavjud ilmiy tadqiqotlar asosida raqamli platformalarda dezinformatsiyaning tarqalishi yagona omil bilan emas, balki foydalanuvchi xatti-harakati, algoritmik mexanizmlar va kontentning tarqalish xususiyatlari o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir natijasida shakllanishi asoslanadi. Kalit so‘zlar: dezinformatsiya, raqamli platformalar, ijtimoiy media, foydalanuvchi ishtiroki, algoritmik tavsiya, algoritmik amplifikatsiya, kontentning tez tarqaluvchanligi, axborot tarqalishi, raqamli kommunikatsiya, media. Аннотация. В данной статье анализируются формы распространения дезинформации на цифровых платформах и механизмы их возникновения. В исследовании три основных фактора, влияющих на распространение дезинформации, – участие пользователей, системы алгоритмических рекомендаций и скорость распространения контента – рассматриваются как взаимосвязанные процессы. Раскрывается влияние активности пользователей цифровых платформ по созданию, распространению, комментированию и повторному распространению информации на популяризацию дезинформационного контента среди аудитории. Также анализируется роль механизмов алгоритмических рекомендаций в повышении видимости контента и обеспечении охвата определённой информации более широкой аудиторией. Скорость распространения контента рассматривается в связи со способностью информации за короткий промежуток времени охватывать большую аудиторию, многократно распространяться и расширять масштабы своего распространения. На основе существующих научных исследований обосновывается, что распространение дезинформации на цифровых платформах формируется не под воздействием какоголибо одного фактора, а в результате взаимодействия поведения пользователей, алгоритмических механизмов и особенностей распространения контента.

Ключевые слова: дезинформация, цифровые платформы, социальные медиа, участие пользователей, алгоритмические рекомендации, алгоритмическая амплификация, скорость распространения контента, распространение информации, цифровая коммуникация, медиа. Abstract. This article analyzes the forms of disinformation dissemination on digital platforms and the mechanisms underlying their emergence. The study examines three key factors influencing the spread of disinformation–user participation, algorithmic recommendation systems, and content virality–as interconnected processes. It explores how users’ activities in creating, sharing, commenting on, and resharing information on digital platforms contribute to the popularization of disinformation content among audiences. The study also analyzes the role of algorithmic recommendation mechanisms in increasing content visibility and delivering certain information to broader audiences. Content virality is examined in relation to the ability of information to reach a large audience within a short period of time, be reshared repeatedly, and expand its overall reach. Based on existing scholarly research, the article argues that the dissemination of disinformation on digital platforms is not driven by a single factor, but rather emerges from the interaction between user behavior, algorithmic mechanisms, and the characteristics of content dissemination. Keywords: disinformation, digital platforms, social media, user participation, algorithmic recommendation, algorithmic amplification, content virality, information dissemination, digital communication, media. Kirish. Raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanishi va ijtimoiy media platformalarining keng ommalashuvi axborotni yaratish, tarqatish va iste’mol qilish jarayonlarini sezilarli darajada o‘zgartirdi. An’anaviy ommaviy axborot vositalarida axborot oqimi asosan professional jurnalistlar va tahririyatlar tomonidan shakllantirilgan bo‘lsa, raqamli platformalarda foydalanuvchilar ham axborotni yaratish, sharhlash, ulashish va qayta tarqatish jarayonining faol ishtirokchisiga aylandi. Natijada axborot almashinuvi tezlashib, turli mazmundagi xabarlarning qisqa vaqt ichida keng auditoriyaga yetib borishi uchun qulay kommunikativ muhit shakllandi. Bunday sharoitda ishonchli axborot bilan bir qatorda noto‘g‘ri va ataylab chalg‘ituvchi axborotlarning ham keng tarqalishi raqamli kommunikatsiyaning dolzarb muammolaridan biriga aylandi. Dezinformatsiyaning raqamli platformalarda tarqalishini tushunishda uning mazmuni va manbasini aniqlash bilan bir qatorda, tarqalish jarayonining qanday kechishini o‘rganish ham muhimdir. Foydalanuvchilarning kontentni ulashishi, unga munosabat bildirishi, sharhlashi va qayta tarqatishi dezinformatsion xabarning dastlabki auditoriyadan tashqariga chiqishiga imkon beradi. Ayniqsa, yuqori darajadagi foydalanuvchi faolligi kontentning ko‘rinuvchanligini oshirib, uning yanada kengroq auditoriyaga yetib borishiga zamin yaratishi mumkin. Shu sababli foydalanuvchi ishtiroki dezinformatsiyaning raqamli platformalarda tarqalish mexanizmlarini belgilovchi muhim omillardan biri sifatida namoyon bo‘ladi. Biroq raqamli platformalarda axborotning tarqalishi faqat foydalanuvchilarning bevosita faolligi bilan belgilanmaydi. Zamonaviy platformalarda qo‘llaniladigan algoritmik tavsiya tizimlari foydalanuvchilarning avvalgi faoliyati, qiziqishlari, ko‘rgan va ulashgan kontentlari hamda boshqa ko‘rsatkichlar asosida ularga muayyan axborotlarni tavsiya qiladi. Bunday algoritmik saralash natijasida ayrim kontentlarning ko‘rinuvchanligi ortishi va ular kengroq auditoriyaga yetib borishi mumkin. Demak, algoritmik tavsiya tizimlari raqamli axborot oqimini tartibga soluvchi texnik mexanizm bo‘lish bilan birga, kontentning tarqalish imkoniyatlarini shakllantiruvchi muhim omil sifatida ham qaralishi lozim. Dezinformatsiyaning tarqalish jarayonida kontentning tez tarqaluvchanligi ham alohida ahamiyat kasb etadi. Raqamli platformalarda axborotning bir foydalanuvchidan boshqasiga qisqa vaqt ichida o‘tishi, ko‘p marotaba ulashilishi va turli kommunikativ tarmoqlar orqali qayta tarqatilishi uning tarqalish ko‘lamini sezilarli darajada kengaytirishi mumkin. Shu jihatdan kontentning tarqalish tezligi va ko‘lami dezinformatsiyaning raqamli muhitdagi ta’sirini baholash uchun muhim ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.

Shunday qilib, raqamli platformalarda dezinformatsiyaning tarqalishini foydalanuvchi xatti-harakati, algoritmik tavsiya mexanizmlari va kontentning tarqalish xususiyatlarining o‘zaro ta’siri orqali ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqdir. Mazkur maqolaning asosiy maqsadi raqamli platformalarda dezinformatsiyaning tarqalish shakllarini ushbu uch omil – foydalanuvchi ishtiroki, algoritmik tavsiya va kontentning tez tarqaluvchanligi – o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik asosida tahlil qilishdan iborat. Ushbu maqsaddan kelib chiqib, maqolada foydalanuvchilarning dezinformatsion kontentni yaratish va qayta tarqatishdagi ishtiroki, algoritmik tavsiya tizimlarining kontent ko‘rinuvchanligiga ta’siri hamda dezinformatsion xabarlarning tez va keng tarqalishiga xizmat qiluvchi omillar ilmiy adabiyotlar asosida tahlil qilinadi. Tadqiqotda ilmiy adabiyotlarni tahlil qilish, qiyosiy tahlil va kontent tahlili usullaridan foydalaniladi. Mavzuga oid adabiyotlar tahlili (Literature review). Raqamli platformalarning axborot tarqatishdagi roli ortib borishi bilan dezinformatsiyaning tarqalish mexanizmlarini o‘rganish zamonaviy media tadqiqotlarining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Mazkur jarayonda foydalanuvchilarning axborotni yaratish va qayta tarqatishdagi ishtiroki, platformalarning algoritmik tavsiya tizimlari hamda kontentning qisqa vaqt ichida keng auditoriyaga yetib borishi asosiy tadqiqot yo‘nalishlari sifatida namoyon bo‘lmoqda. Bulatovaning “Internet jurnalistikasi va yangi media” (Интернет-журналистика и новые медиа) nomli o‘quv qo‘llanmasida internet jurnalistikasining shakllanishi, yangi medianing asosiy xususiyatlari va raqamli muhitda auditoriyaning axborot almashinuvidagi faolligi yoritilgan (Bulatova, 2018). Mazkur tadqiqot foydalanuvchining an’anaviy media auditoriyasidan farqli ravishda axborotni yaratish, sharhlash va tarqatish jarayonida faol ishtirok etuvchi subyektga aylanganini tushuntirish uchun nazariy asos bo‘lib xizmat qiladi. Bu jihat dezinformatsiyaning foydalanuvchi ishtiroki orqali tarqalish mexanizmini tahlil qilishda muhim ahamiyatga ega. Vartanova tahriri ostida tayyorlangan “Media nazariyasi: asosiy tushunchalar” (Отечественная теория медиа: основные понятия) lug‘atida zamonaviy media, ommaviy kommunikatsiya, yangi media va auditoriya bilan bog‘liq asosiy nazariy tushunchalar tizimlashtirilgan (Vartanova, 2019). Ushbu manba tadqiqotda raqamli platforma, media, auditoriya va kommunikatsiya kabi tushunchalarni nazariy jihatdan aniqlashtirish hamda dezinformatsiyani zamonaviy media kommunikatsiyasining bir ko‘rinishi sifatida izohlash uchun muhim nazariy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Arsila va Griffin tomonidan tayyorlangan “Ijtimoiy media platformalari va demokratiya, qonun ustuvorligi hamda fundamental huquqlar uchun muammolar” (Social media platforms and challenges for democracy, rule of law and fundamental rights) tadqiqotida ijtimoiy media platformalarining axborot muhitiga ta’siri, platformalarning kommunikativ jarayonlarni shakllantirishdagi roli va raqamli muhitda yuzaga kelayotgan muammolar tahlil qilingan (Arsila va Griffin, 2023). Ushbu tadqiqot raqamli platformalarni oddiy axborot tarqatish vositasi emas, balki axborot oqimining shakllanishiga ta’sir ko‘rsatuvchi kommunikativ muhit sifatida talqin qilish uchun muhimdir. Vosugi, Roy va Aralning “Onlayn haqiqiy va yolg‘on axborotning tarqalishi” (The Spread of True and False News Online) nomli tadqiqoti dezinformatsiyaning tarqalish tezligi va ko‘lamini empirik jihatdan o‘rganishi bilan alohida ahamiyatga ega (Vosugi, Roy va Aral, 2018). Tadqiqotchilar katta hajmdagi Twitter ma’lumotlarini tahlil qilib, yolg‘on axborotning haqiqiy axborotga qaraganda tezroq, kengroq va uzoqroq tarqalish tendensiyasini aniqlagan. Mazkur tadqiqot maqoladagi “kontentning tez tarqaluvchanligi” tushunchasining asosiy empirik manbalaridan biri sifatida xizmat qiladi. Korsi tomonidan olib borilgan “Twitterda ishonchliligi past kontentning algoritmik kuchaytirilishini baholash: kuzatuv tadqiqoti” (Evaluating Twitter’s Algorithmic Amplification of Low-Credibility Content: An Observational Study) tadqiqotida algoritmik tavsiya tizimlarining ishonchliligi past kontentning foydalanuvchilarga yetib borishidagi roli o‘rganilgan (Korsi, 2024). Tadqiqot algoritmik amplifikatsiya mexanizmlarini empirik tahlil qilgani bilan mazkur maqolaning algoritmik tavsiya komponenti uchun bevosita nazariy va amaliy asos beradi. Umuman olganda, tahlil qilingan adabiyotlar raqamli platformalarda dezinformatsiyaning tarqalishini alohida bir omil bilan izohlash mumkin emasligini ko‘rsatadi. Foydalanuvchilarning axborotni ulashishi va qayta tarqatishi, algoritmik tavsiya tizimlarining kontent ko‘rinuvchanligiga ta’siri hamda kontentning tez tarqalishi o‘zaro bog‘liq jarayonlar sifatida namoyon bo‘ladi. Shu sababli mazkur maqolada ushbu uch omil – foydalanuvchi ishtiroki, algoritmik tavsiya va kontentning tez tarqaluvchanligi – raqamli platformalarda dezinformatsiyaning tarqalish shakllarini belgilovchi o‘zaro bog‘liq mexanizmlar sifatida tahlil qilinadi. Tadqiqot metodologiyasi (Research Methodology). Mazkur tadqiqotda raqamli platformalarda dezinformatsiyaning tarqalish shakllarini aniqlash va ularning asosiy mexanizmlarini tahlil qilish uchun ilmiy adabiyotlarni tahlil qilish, qiyosiy tahlil va kontent tahlili usullaridan foydalanildi. Tadqiqot metodologiyasi dezinformatsiyaning tarqalishini uch asosiy yo‘nalish – foydalanuvchi ishtiroki, algoritmik tavsiya va kontentning tez tarqaluvchanligi – o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik asosida ko‘rib chiqishga yo‘naltirildi.

Avvalo, mavzu bo‘yicha ilmiy adabiyotlar o‘rganilib, raqamli platformalar, yangi media, foydalanuvchi faolligi, algoritmik tavsiya, dezinformatsiya va axborotning tarqalish dinamikasiga oid nazariy hamda empirik yondashuvlar tahlil qilindi. Ilmiy manbalarni o‘rganish orqali dezinformatsiyaning raqamli muhitda shakllanishi va tarqalishini izohlovchi asosiy tushunchalar hamda ilmiy qarashlar tizimlashtirildi. Tadqiqotda qiyosiy tahlil usulidan foydalanish orqali dezinformatsiyaning foydalanuvchilar tomonidan bevosita tarqatilishi va platformalarning algoritmik tavsiya mexanizmlari orqali kengroq auditoriyaga yetib borishi o‘rtasidagi farqlar aniqlandi. Shuningdek, turli tadqiqotlarda qayd etilgan tarqalish tezligi, foydalanuvchi faolligi va kontent ko‘rinuvchanligi bilan bog‘liq natijalar o‘zaro taqqoslandi. Kontent tahlili esa dezinformatsion xabarlarning tarqalishiga xizmat qiluvchi mazmuniy va kommunikativ xususiyatlarni aniqlash uchun qo‘llanildi. Bunda kontentning qisqaligi, hissiy ta’sirchanligi, bahsli yoki sensatsion xarakteri, foydalanuvchilarda tezkor reaksiya uyg‘otishi va qayta tarqatishga qulayligi kabi jihatlarga e’tibor qaratildi. Axborotning sifati va uning tezkor tarqalishi o‘rtasidagi munosabatni aniqlashda quyidagi mezonlar ham hisobga olindi: raqobat muhitida faoliyat yurituvchi OAV axborotni taqdim etishda, avvalo, quyidagi talablarga javob berishi kerak: tezkorlik, tafsilotlarni yetkazishda aniqlik va savodxonlik [1: P.25.]. Ushbu fikr tadqiqotda raqamli platformalarda tarqaluvchi axborotning tezligi bilan bir qatorda uning aniqligi va sifati ham muhim ekanligini asoslash uchun qo‘llanildi. Dezinformatsiyaning manipulyativ xususiyatlarini aniqlashda esa media tadqiqotlaridagi nazariy yondashuvlar asos qilib olindi. Media tadqiqotlari nazariyasida manipulyatsiya inson ruhiyatiga muayyan g‘oyalarni singdirish maqsadida amalga oshiriladigan yashirin psixologik ta’sir sifatida tushuniladi; bunda mazkur ta’sir ko‘pincha buzib ko‘rsatilgan yoki to‘liq bo‘lmagan shakldagi axborot orqali amalga oshiriladi [2: P.102]. Mazkur nazariy yondashuv dezinformatsiyaning nafaqat noto‘g‘ri axborot, balki ayrim hollarda auditoriyaga ma’lum ta’sir ko‘rsatishga yo‘naltirilgan kommunikativ hodisa sifatidagi xususiyatlarini tahlil qilish imkonini beradi. Tahlil va natijalar (Analysis and Results). Raqamli platformalarda dezinformatsiyaning tarqalish mexanizmlarini tahlil qilish shuni ko‘rsatadiki, mazkur jarayonda foydalanuvchi ishtiroki muhim boshlang‘ich omillardan biridir. Foydalanuvchi raqamli platformalarda nafaqat axborotni qabul qiladi, balki uni sharhlaydi, baholaydi, ulashadi va boshqa foydalanuvchilarga qayta yetkazadi. Shu sababli kontentning tarqalish ko‘lami ko‘p jihatdan foydalanuvchilarning unga bildirgan reaksiyasiga bog‘liq bo‘ladi. Foydalanuvchi ishtirokining asosiy shakllariga kontentni ulashish, izohlash, qayta joylashtirish, unga munosabat bildirish va boshqa foydalanuvchilarga yuborish kiradi. Ushbu harakatlar dezinformatsion xabarning dastlabki manba yoki auditoriya doirasidan chiqib, yangi kommunikativ guruhlarga kirib borishiga imkon yaratadi. Ayniqsa, foydalanuvchi kontentning ishonchliligini tekshirmasdan uni qayta tarqatgan hollarda xabarning ikkilamchi va uchlamchi auditoriyalari shakllanadi.

Bunda kontentning mazmuniy xususiyatlari foydalanuvchi faolligiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Hissiy jihatdan ta’sirchan, hayratlantiruvchi, qo‘rqituvchi yoki bahsli mazmunga ega xabarlar foydalanuvchining tezkor reaksiyasini uyg‘otishi mumkin. Natijada kontentning haqiqiyligi emas, balki uning auditoriyada qanday hissiy reaksiya hosil qilishi uning tarqalish imkoniyatini belgilovchi omillardan biriga aylanadi. Foydalanuvchi ishtiroki bilan bog‘liq yana bir muhim jihat shundaki, platformalarda amalga oshirilgan har bir interaksiya keyingi tarqalish jarayoniga ta’sir qilishi mumkin. Masalan, ulashish yoki izohlar sonining ortishi kontentning platformadagi faollik darajasini oshiradi. Bu esa algoritmik tizimlar tomonidan kontentning yana ko‘proq foydalanuvchilarga tavsiya qilinishiga olib kelishi mumkin. Shu nuqtada algoritmik tavsiya dezinformatsiyaning tarqalish mexanizmining keyingi muhim komponenti sifatida namoyon bo‘ladi. Raqamli platformalarda foydalanuvchiga taqdim etiladigan kontent odatda xronologik tartibda emas, balki turli algoritmik mezonlar asosida saralanadi. Foydalanuvchining avvalgi qidiruvlari, ko‘rgan materiallari, ulashishlari, reaksiyalari va qiziqishlari haqidagi ma’lumotlar unga tavsiya qilinadigan kontentni shakllantirishda qo‘llanilishi mumkin. Bunday mexanizm bir tomondan foydalanuvchiga katta hajmdagi axborot oqimidan o‘ziga mos kontentni topishga yordam beradi. Boshqa tomondan esa, algoritmik tavsiya tizimlari foydalanuvchi faolligi yuqori bo‘lgan, biroq ishonchliligi past kontentning ko‘rinuvchanligini oshirishi mumkin. Shu sababli algoritmik tavsiyani dezinformatsiyaning tarqalishiga bevosita sabab bo‘luvchi mexanizm sifatida emas, balki kontentning auditoriyaga yetib borish ehtimolini o‘zgartiruvchi vosita sifatida baholash maqsadga muvofiq. Bu jarayonda foydalanuvchi ishtiroki va algoritmik tavsiya o‘rtasida qayta aloqa yuzaga keladi. Dastlab foydalanuvchilar tomonidan ko‘p ulashilgan yoki ko‘p reaksiya olgan kontent algoritmik tizim tomonidan yuqori faollikka ega material sifatida qayd etilishi mumkin. Uning ko‘proq foydalanuvchilarga ko‘rsatilishi esa yangi reaksiyalarni yuzaga keltiradi. Yangi reaksiyalar kontentning yana ko‘proq tarqalishiga xizmat qilishi mumkin. Natijada foydalanuvchi faolligi, algoritmik ko‘rinuvchanlik va qayta tarqalish o‘rtasida dinamik jarayon shakllanadi. Kontentning tez tarqaluvchanligi raqamli platformalarda dezinformatsiyaning ta’sir doirasini belgilovchi yana bir muhim ko‘rsatkichdir. Axborotning qisqa vaqt ichida ko‘plab foydalanuvchilarga yetib borishi, qayta ulashilishi va turli kommunikativ guruhlarga kirib borishi uning tarqalish ko‘lamini sezilarli darajada kengaytiradi. Bunda kontentning qisqaligi, hissiy ta’sirchanligi, sensatsion xarakteri va foydalanuvchi reaksiyasini tez uyg‘otishi uning tarqalish tezligiga ta’sir qiluvchi xususiyatlar sifatida namoyon bo‘ladi.

Dezinformatsiyani aniqlash va cheklash jarayonida esa raqamli platformalar oldida katta texnik va tashkiliy muammolar mavjud. Har kuni katta hajmdagi matn, video, tasvir va reklama kontenti yaratilishi sababli ularning barchasini inson tomonidan tekshirish amaliy jihatdan murakkabdir. Shu bois avtomatlashtirilgan aniqlash tizimlari, sun’iy intellekt, foydalanuvchi shikoyatlari va faktlarni tekshirish mexanizmlaridan foydalanish zarurati ortib bormoqda. Ayniqsa, reklama bilan bog‘liq kontentni nazorat qilishda bu muammo yanada murakkablashadi. Zamonaviy ijtimoiy media platformalari miqyosida barcha reklamalarni va reklama bilan birga namoyish etiladigan barcha kontentni dezinformatsiya mavjudligini aniqlash maqsadida baholash juda katta muammodir [3. P: 89]. Bu holat raqamli platformalarda dezinformatsiyani aniqlash va cheklash faqat texnik imkoniyat masalasi emas, balki katta hajmdagi axborot oqimini doimiy monitoring qilishni talab qiluvchi murakkab jarayon ekanligini ko‘rsatadi. Shu sababli platformalarda dezinformatsiyani cheklash uchun avtomatik aniqlash bilan bir qatorda foydalanuvchilar tomonidan xabar berish, shubhali kontentga ogohlantirish belgilari qo‘yish, uning algoritmik tarqalishini kamaytirish, ishonchli manbalarga yo‘naltirish va zarur hollarda kontentni olib tashlash kabi mexanizmlardan foydalanish mumkin. Bunday choralar dezinformatsiyaning foydalanuvchi ishtiroki va algoritmik tavsiya orqali qayta-qayta kuchayib borishini cheklashga xizmat qiladi. Tahlil natijalari shuni ko‘rsatadiki, raqamli platformalarda dezinformatsiyaning tarqalishi foydalanuvchi faolligi, algoritmik tavsiya va kontentning tez tarqaluvchanligi o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir bilan chambarchas bog‘liq. Foydalanuvchilarning kontentni ulashishi va qayta tarqatishi uning dastlabki auditoriyasini kengaytirsa, algoritmik tavsiya tizimlari kontentning ko‘rinuvchanligini oshirishi yoki kamaytirishi mumkin. Kontentning hissiy, sensatsion va tez qayta tarqatishga qulay xususiyatlari esa ushbu jarayonni yanada tezlashtiradi. Shu bilan birga, platformalarning moderatsiya va aniqlash mexanizmlari mazkur jarayonni cheklash imkoniyatiga ega bo‘lsa-da, zamonaviy raqamli platformalardagi kontent hajmining nihoyatda kattaligi bu vazifani murakkablashtiradi. Xulosa va takliflar (Conclusion/Recommendations). O‘tkazilgan tahlil natijalari raqamli platformalarda dezinformatsiyaning tarqalishi birgina omil bilan izohlanmaydigan, foydalanuvchi xatti-harakati, algoritmik tavsiya mexanizmlari va kontentning tez tarqaluvchanligi o‘rtasidagi o‘zaro ta’sirga asoslangan murakkab kommunikativ jarayon ekanligini ko‘rsatdi. Raqamli platformalarda foydalanuvchining axborotni yaratish, ulashish, sharhlash va qayta tarqatish imkoniyatining kengayishi dezinformatsiyaning dastlabki manbadan tashqariga chiqib, keng auditoriyaga yetib borishi uchun sharoit yaratadi. Tadqiqot davomida foydalanuvchi ishtiroki dezinformatsiyaning tarqalishida muhim omil ekanligi aniqlandi. Foydalanuvchilarning kontentga bildirgan reaksiyalari, xususan, ulashish, izohlash va qayta joylashtirish kabi harakatlari uning ko‘rinuvchanligini oshirishi mumkin. Shu sababli dezinformatsiyaga qarshi kurashishda faqat kontentni aniqlash bilan cheklanib qolmasdan, foydalanuvchilarning axborotni tanqidiy baholash va tekshirish ko‘nikmalarini rivojlantirish ham muhimdir. Algoritmik tavsiya tizimlari esa raqamli platformalarda axborotning ko‘rinuvchanligi va tarqalish imkoniyatlarini shakllantiruvchi muhim mexanizm sifatida namoyon bo‘ladi. Foydalanuvchi faolligi asosida kontentni tavsiya qilish tizimi ayrim hollarda ishonchliligi past materiallarning kengroq auditoriyaga yetib borishiga xizmat qilishi mumkin.

Shu bilan birga, ayni algoritmik imkoniyatlardan dezinformatsiyani aniqlash, uning tarqalishini cheklash va foydalanuvchilarni ishonchli axborot manbalariga yo‘naltirishda ham foydalanish mumkin. Kontentning tez tarqaluvchanligi esa dezinformatsiyaning raqamli muhitdagi ta’sir ko‘lamini belgilovchi muhim ko‘rsatkichlardan biridir. Axborotning qisqa vaqt ichida ko‘plab foydalanuvchilarga yetib borishi va qayta-qayta tarqatilishi uning ta’sir doirasini kengaytiradi. Shu sababli dezinformatsiyani monitoring qilishda faqat kontentning mavjudligi yoki o‘chirilganligini emas, balki uning tarqalish tezligi, qayta ulashilish darajasi va auditoriyani qamrab olish ko‘lamini ham hisobga olish maqsadga muvofiq. Tadqiqot natijalaridan kelib chiqib, raqamli platformalarda dezinformatsiyaning tarqalishini kamaytirish uchun quyidagi takliflarni ilgari surish mumkin: 1. Foydalanuvchilarning media va axborot savodxonligini oshirish. Foydalanuvchilarga axborot manbasini tekshirish, shubhali xabarlarni aniqlash, fakt va fikrni farqlash hamda kontentni qayta tarqatishdan oldin uning ishonchliligini baholash ko‘nikmalarini rivojlantirish zarur. 2. Algoritmik tavsiya tizimlarining shaffofligini oshirish. Platformalar foydalanuvchiga kontent nima sababdan tavsiya qilinayotganini tushuntiruvchi mexanizmlarni rivojlantirishi va ishonchliligi past kontentning algoritmik ravishda ortiqcha kuchaytirilishining oldini olish choralarini ko‘rishi lozim. 3. Avtomatlashtirilgan aniqlash mexanizmlarini takomillashtirish. Sun’iy intellekt va mashinaviy o‘qitish texnologiyalaridan foydalanib, dezinformatsion kontentni tezkor aniqlash, tasniflash va uning tarqalish dinamikasini kuzatish tizimlarini rivojlantirish maqsadga muvofiq. 4. Kontentning tarqalish tezligini monitoring qilish. Dezinformatsiyani aniqlashda faqat uning mazmuniga emas, balki qisqa vaqt ichida keskin ko‘payayotgan ulashishlar, ko‘rishlar va boshqa foydalanuvchi reaksiyalariga ham e’tibor qaratish zarur. Bu potensial ravishda tez tarqaluvchi dezinformatsion kontentni erta bosqichda aniqlash imkonini beradi. 5. Platformalar, faktcheking tashkilotlari va ilmiy tadqiqotchilar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish. Dezinformatsiyaning yangi shakllarini aniqlash, ularning tarqalish mexanizmlarini o‘rganish va samarali qarshi choralarni ishlab chiqishda platformalarning texnik imkoniyatlari bilan ilmiy va ekspert bilimlarini birlashtirish muhimdir.

Dezinformatsiyaga qarshi samarali kurash faqat noto‘g‘ri kontentni o‘chirishga qaratilgan choralar bilan cheklanmasligi kerak. Profilaktika, algoritmik monitoring, foydalanuvchi savodxonligi, tezkor faktcheking va platformalarning mas’uliyatli moderatsiyasini birlashtirgan kompleks yondashuv raqamli axborot muhitining ishonchliligini oshirishning samarali yo‘nalishi sifatida qaralishi mumkin.

Adabiyotlar, References, Литературы: 1. Булатова М.Б. Интернет-журналистика и новые медиа: учебное пособие. – Костанай: КГУ имени А. Байтурсынова, 2018. – 77 с. 2. Вартанова Е.Л. (ред.). Отечественная теория медиа: основные понятия: словарь. – М.: Факультет журналистики МГУ, Изд-во Московского университета, 2019. – 246 с. 3. Botero Arcila B., Griffin R. Social media platforms and challenges for democracy, rule of law and fundamental rights. – Brussels: European Parliament, Policy Department for Citizens’ Rights and Constitutional Affairs, 2023. – 154 p. 4. Vosoughi S., Roy D., Aral S. The Spread of True and False News Online // Science. – 2018. – Vol. 359, No. 6380. – P. 1146–1151. 5. Acemoglu D., Ozdaglar A., Siderius J. A Model of Online Misinformation. – Cambridge: Massachusetts Institute of Technology, 2022. – 45 p. 6. Corsi G. Evaluating Twitter’s Algorithmic Amplification of Low-Credibility Content: An Observational Study // EPJ Data Science. – 2024. – Vol. 13. – Article 18. 7. Bagchi C., Menczer F., Lundquist J., Tarafdar M., Paik A., Grabowicz P.A. Social Media Algorithms Can Curb Misinformation, But Do They? – 2024. 8. Shin D., Shin E.Y. Cascading Falsehoods: Mapping the Diffusion of Misinformation in Algorithmic Environments // AI & Society. – 2026. – Vol. 41. – P. 1435–1452.

Matn maqola PDFʼidan avtomatik chiqarilgan. Rasm, jadval va formulalar matnda aks etmasligi mumkin · asl koʻrinish uchun PDFʼga qarang.

Metadata manbasi: jurnal OAI-PMH arxivi.

Iqtibos olish

APA 7
Jahongirova, Iqbola (2026). RAQAMLI PLATFORMALARDA DEZINFORMATSIYANING TARQALISH SHAKLLARI: FOYDALANUVCHI ISHTIROKI, ALGORITMIK TAVSIYA VA KONTENTNING TEZ TARQALUVCHANLIGI. Наука и инновации, 4(70), 149-156.
GOST R 7.0.5
Jahongirova, Iqbola RAQAMLI PLATFORMALARDA DEZINFORMATSIYANING TARQALISH SHAKLLARI: FOYDALANUVCHI ISHTIROKI, ALGORITMIK TAVSIYA VA KONTENTNING TEZ TARQALUVCHANLIGI // Наука и инновации. 2026. Т. 4. № 70. С. 149-156.
BibTeX
@article{iqbola2026,
  author  = {Jahongirova, Iqbola},
  title   = {RAQAMLI PLATFORMALARDA DEZINFORMATSIYANING TARQALISH SHAKLLARI: FOYDALANUVCHI ISHTIROKI, ALGORITMIK TAVSIYA VA KONTENTNING TEZ TARQALUVCHANLIGI},
  journal = {Наука и инновации},
  year    = {2026},
  volume  = {4},
  number  = {70},
  pages   = {149-156}
}
RIS
TY  - JOUR
AU  - Jahongirova, Iqbola
TI  - RAQAMLI PLATFORMALARDA DEZINFORMATSIYANING TARQALISH SHAKLLARI: FOYDALANUVCHI ISHTIROKI, ALGORITMIK TAVSIYA VA KONTENTNING TEZ TARQALUVCHANLIGI
JO  - Наука и инновации
PY  - 2026
VL  - 4
IS  - 70
SP  - 149
EP  - 156
ER  -