Zamonaviy dunyoda amaliy fanlar 5-том 16-нөмір (2026) · 151-155-беттер

TRENERLAR FAOLIYATI SAMARADORLIGINI BAHOLASHNING MAHALLIY VA XORIJIY TAJRIBASI

Ismailova, Dildora

Дереккөзден оқу PDF

Аңдатпа

Jismoniy tarbiya va sport tizimining samaradorligi ko‘p jihatdan trenerlarning kasbiy salohiyati va ular tomonidan amalga oshirilayotgan o‘quv-mashg‘ulot jarayonining sifatiga bog‘liq. Zamonaviy professional sportda yuqori natijaga erishish faqat sportchining jismoniy imkoniyatlari bilan belgilanmaydi. Mashg‘ulotlarni ilmiy asosda rejalashtirish, sportchini to‘g‘ri seleksiya qilish, individual yuklamalarni belgilash, tiklanish jarayonini boshqarish, psixologik tayyorgarlik, musobaqa strategiyasi va trener bilan sportchi o‘rtasidagi samarali kommunikatsiya yakuniy sport natijasiga bevosita yoki bilvosita ta’sir ko‘rsatadi.

HTML толық мәтін

TRENERLAR FAOLIYATI SAMARADORLIGINI BAHOLASHNING MAHALLIY VA XORIJIY TAJRIBASI Ismailova Dildora Qudratullayevna Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish Instituti mustaqil tadqiqotchisi Jismoniy tarbiya va sport tizimining samaradorligi ko‘p jihatdan trenerlarning kasbiy salohiyati va ular tomonidan amalga oshirilayotgan o‘quv-mashg‘ulot jarayonining sifatiga bog‘liq. Zamonaviy professional sportda yuqori natijaga erishish faqat sportchining jismoniy imkoniyatlari bilan belgilanmaydi. Mashg‘ulotlarni ilmiy asosda rejalashtirish, sportchini to‘g‘ri seleksiya qilish, individual yuklamalarni belgilash, tiklanish jarayonini boshqarish, psixologik tayyorgarlik, musobaqa strategiyasi va trener bilan sportchi o‘rtasidagi samarali kommunikatsiya yakuniy sport natijasiga bevosita yoki bilvosita ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli trener faoliyatining samaradorligini haqqoniy baholash sport tashkilotlari boshqaruvidagi muhim masalalardan biri hisoblanadi. Trener faoliyatini faqat sportchi tomonidan qo‘lga kiritilgan medal yoki musobaqadagi o‘rin bilan baholash bir qator metodologik cheklovlarga ega. Chunki sport natijasiga trener faoliyatidan tashqari sportchining yoshi, individual qobiliyati, sog‘lig‘i, sport infratuzilmasi, moliyalashtirish, sport tibbiyoti, raqobat muhiti va boshqa omillar ham ta’sir ko‘rsatadi. Ilmiy tadqiqotlar ham trenerning sifati sport natijalariga sezilarli ta’sir qilishini tasdiqlaydi. Masalan, 880 nafar sportchini qamrab olgan tadqiqotda trenerlik sifati bilan sport natijasi o‘rtasida sezilarli ijobiy bog‘liqlik aniqlangan va trenerlik sifati uchun β=0,62 (p<0,001) ko‘rsatkichi qayd etilgan. Shu tadqiqotda mashg‘ulot intensivligi β=0,55, sportchining farovonligi β=0,48, ovqatlanish β=0,42 va o‘ziga ishonch β=0,57 darajasida sport natijalari bilan bog‘langan. Demak, trener samaradorligi sport tizimining natijadorligini belgilovchi muhim omil bo‘lsa-da, uni baholashda sport natijasi bilan bir qatorda trenerning jarayon, rivojlanish va sifat ko‘rsatkichlarini ham hisobga olish zarur. O‘zbekistonda trenerlar faoliyatini tartibga solish va baholash tizimi so‘nggi yillarda sezilarli darajada raqamlashtirilmoqda. Bunda trenerning malaka toifasi, u tayyorlagan sportchining natijalari, sport zaxirasini shakllantirishga qo‘shgan hissasi hamda sportchilar bilan bog‘liq ma’lumotlarni yagona elektron tizimda yuritishga alohida e’tibor berilmoqda. Muhim o‘zgarishlardan biri sportchilar va ularga biriktirilgan trenerlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning “ERP Sport” yagona elektron boshqaruv tizimi orqali yuritilishi hisoblanadi.

Belgilangan tartibga ko‘ra, 2024-yil 1-iyuldan sportchilar, ularga biriktirilgan trenerlar va boshqa mutaxassislar haqidagi ma’lumotlar ERP Sport tizimida yuritilishi va aynan shu tizim orqali olingan ma’lumotlar ishonchli ma’lumot sifatida qabul qilinishi belgilangan. Mazkur mexanizm trener faoliyatini baholash nuqtai nazaridan alohida ahamiyatga ega. Chunki sportchining qaysi trenerga biriktirilgani, uning musobaqalarda qanday natija qayd etgani va sport faoliyatining dinamikasini raqamli shaklda kuzatish imkoniyati yaratiladi. 2025-yil 7-avgustda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 500-son qarori bilan jismoniy tarbiya-sport tashkilotlarining trener-o‘qituvchilari va yo‘riqchiuslubchilariga malaka toifalarini berish tartibi yangidan belgilandi. Mazkur tartib bo‘yicha trener-o‘qituvchilarga ikkinchi, birinchi va oliy malaka toifalari beriladi. Davlat xizmati ERP Sport tizimi orqali Sport vazirligi tomonidan ko‘rsatiladi. Tizimda tegishli ma’lumotlar to‘liq shakllanganidan so‘ng malaka toifasi haqidagi QR-kodli elektron guvohnomani rasmiylashtirish ko‘zda tutilgan. O‘zbekistonda trenerlar faoliyatini baholashning amaldagi yondashuvida ikkita muhim natijaviy mezonni ajratish mumkin: 1. trener tayyorlagan sportchilarning sport musobaqalarida erishgan natijalari; 2. trenerning O‘zbekiston sport terma jamoalarini shakllantirish va sport zaxirasini tayyorlashga qo‘shgan hissasi. Bu yondashuv trener mehnatining yakuniy natijasini sportchining rivojlanishi bilan bog‘lash imkonini beradi. Shu bilan birga, zamonaviy sport menejmenti nuqtai nazaridan trener faoliyatini yanada kengroq indikatorlar bilan baholash imkoniyati mavjud. O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligining 2025-yildagi tartibga solish ta’sirini baholash materiallarida vazirlik tizimidagi sport-ta’lim muassasalarida 15 521 nafar trener va 815 nafar yo‘riqchi-uslubchi faoliyat yuritayotgani qayd etilgan. 2020–2024-yillarda sport sohasida faoliyat yuritgan 7 mingga yaqin trener va yo‘riqchi-uslubchi malaka toifasini olish uchun murojaat qilgan. Shundan qariyb 5,5 ming nafariga malaka toifasi berilgan, 1 480 nafarining murojaati esa reglament talablariga mos kelmagani sababli rad etilgan. Mazkur ma’lumotlar asosida hisoblaganda, murojaat qilganlarning taxminan 78–79 foizi malaka toifasini olgan, qariyb 21 foizi esa belgilangan talablardan o‘ta olmagan. Ayrim hududlar misolida trenerlar tarkibidagi sifat ko‘rsatkichlarini ham ko‘rish mumkin. Masalan, Farg‘ona viloyati bo‘yicha 2025-yilga oid rasmiy ma’lumotlarda 1 431 nafar trener faoliyat yuritishi ko‘rsatilgan. Ularning:

• 1 019 nafari oliy ma’lumotli; • 203 nafari o‘rta maxsus ma’lumotli; • 209 nafari tugallanmagan oliy ma’lumotga ega. Shuningdek, 919 nafar trener malaka toifasiga ega bo‘lib, ulardan 436 nafari birinchi, 209 nafari ikkinchi va 274 nafari oliy malaka toifasiga ega. Hisob-kitobga ko‘ra, mazkur hududda malaka toifasiga ega trenerlar jami trenerlarning qariyb 64,2 foizini tashkil etadi. Oliy ma’lumotli trenerlarning ulushi esa taxminan 71,2 foizga teng. Bu ma’lumotlar trener faoliyatini baholashda faqat sportchilarning medallarini emas, balki trenerning ma’lumoti, malaka darajasi va kasbiy rivojlanishini ham alohida indikator sifatida hisobga olish zarurligini ko‘rsatadi. Mahalliy amaliyotda trener faoliyatining eng tushunarli va o‘lchash mumkin bo‘lgan mezoni u tayyorlagan sportchilarning musobaqalarda erishgan natijasidir. Bunda tuman, viloyat, respublika, Osiyo, jahon chempionati, Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlaridagi natijalar trener faoliyatining yakuniy samarasi sifatida qaralishi mumkin. Biroq turli darajadagi natijalarga bir xil ball berish metodologik jihatdan to‘g‘ri emas. Masalan, respublika chempionati g‘olibini tayyorlagan trener bilan Olimpiya o‘yinlari g‘olibini tayyorlagan trener natijasining sport tizimiga ta’siri bir xil emas. Shuning uchun sport natijalariga tabaqalashtirilgan koeffitsiyent berish maqsadga muvofiq. Shartli ravishda mahalliy musobaqa natijasi bazaviy ball bilan, respublika natijasi yuqoriroq, xalqaro natija esa eng yuqori koeffitsiyent bilan baholanishi mumkin. Bunda yana bir muhim masala — sportchining natijasini aynan qaysi trener mehnatiga biriktirishdir. Sportchi ko‘p yillar davomida bir nechta trener bilan ishlashi mumkin. Shu sababli bitta sportchining bitta natijasini asossiz ravishda bir nechta trenerning toifasi yoki samaradorligi uchun takroriy hisoblash baholash tizimining obyektivligini pasaytiradi. Aynan shu muammoni kamaytirish uchun ERP Sport tizimida trener va sportchi o‘rtasidagi biriktirish munosabatlarini raqamlashtirish muhim ahamiyatga ega. Xorijiy amaliyotda trener faoliyatini faqat “medal–g‘alaba–o‘rin” tamoyili asosida baholashdan bosqichma-bosqich voz kechilmoqda. Trener sportchining jismoniy, texnik, taktik va psixologik rivojlanishiga ta’sir qiluvchi mutaxassis sifatida baholanadi. Avstraliya tajribasi bunga yaqqol misoldir. Australian Sports Commission tomonidan ilgari surilayotgan Modern Coaching Approach yondashuvida trener markazidagi modeldan sportchi yoki ishtirokchi markazidagi modelga o‘tish nazarda tutilgan. Eski modelda g‘alaba, texnik ko‘nikma va akkreditatsiya darajasiga katta urg‘u berilgan bo‘lsa, zamonaviy modelda xavfsiz, inklyuziv, moslashuvchan va ijobiy sport muhiti yaratish ham trenerning muhim natijasi sifatida qaraladi.

Avstraliyada bu masalaning miqyosi ham katta. Australian Sports Commission ma’lumotlariga ko‘ra, yangi yondashuv taxminan yarim million community coach faoliyatini rivojlantirishga yo‘naltirilgan va uni ishlab chiqishda 40 dan ortiq sport turi bilan hamkorlik qilingan. Avstraliyaning yuqori natijalar sporti uchun ishlab chiqilgan trenerlarni rivojlantirish strategiyasida trener faoliyatini baholash faqat sport natijasi bilan chegaralanmaydi. Individual trenerni rivojlantirish rejasini yiliga ikki marta rasmiy ko‘rib chiqish, trener faoliyati bo‘yicha yillik performance review o‘tkazish hamda unda sport natijalarining dinamikasi, trener kompetensiyasi, sportchilar fikri va jamoa madaniyati holati kabi ko‘rsatkichlardan foydalanish nazarda tutilgan. Bu O‘zbekiston uchun muhim tajriba hisoblanadi. Ya’ni trenerni baholash “sportchim nechta medal oldi?” degan bitta savolga emas, balki “sportchi qanday rivojlandi?”, “trener qanday muhit yaratdi?”, “uning professional kompetensiyasi qanday o‘zgardi?” va “sportchi trener faoliyatini qanday baholaydi?” kabi savollarga ham javob berishi kerak. Ilmiy adabiyotlarda sportchining trener faoliyatiga bergan bahosi samaradorlikni aniqlashning muhim manbalaridan biri sifatida qaraladi. Trener–sportchi munosabatlari bo‘yicha tadqiqotlarda ushbu munosabatning sifati trenerlik samaradorligining markaziy elementlaridan biri ekani asoslangan. 322 nafar talabasportchini qamrab olgan boshqa tadqiqotda trener kompetensiyasi bilan sportchilarning yutuqqa intilish motivatsiyasi o‘rtasida o‘rtacha darajadagi bog‘liqlik aniqlangan va ayniqsa trenerning motivatsion kompetensiyasi sportchilarning sport yutug‘iga intilishida muhim omil sifatida qayd etilgan. 214 nafar sportchi ishtirok etgan tadqiqotda ham trenerlik kompetensiyalari bilan sportchilarning erishgan natijalari o‘rtasida statistik ahamiyatli bog‘liqlik aniqlangan. Shuningdek, 556 nafar professional sportchi ishtirok etgan tadqiqotda trenerning liderlik xulqi sportchi–trener munosabatlari, psixologik charchoq va sport natijalari bilan bog‘liq ekanligi aniqlangan. Demak, trener faoliyatini baholashda sportchilarning anonim fikr-mulohazalaridan foydalanish ham ilmiy jihatdan asoslangan yondashuv hisoblanadi. Trener faoliyatining samaradorligini faqat uning o‘zi tayyorlagan hisobot asosida baholash xolislikni to‘liq ta’minlamaydi. Trener, sportchi va mustaqil ekspertlarning bir xil trenerlik jarayoniga bergan baholari o‘rganilgan tadqiqotda ularning baholari har doim ham bir-biriga mos kelmasligi aniqlangan. Ayrim holatlarda trenerlar o‘z faoliyatini ekspertlarga nisbatan ancha yuqori baholagan. Mualliflar trener samaradorligini aniqlash uchun bir nechta axborot manbasidan foydalanish zarurligini ta’kidlaydi. Shundan kelib chiqib, trener faoliyatining bahosi kamida uch manbaga asoslanishi maqsadga muvofiq:

obyektiv natijalar + ekspert bahosi + sportchi fikri. Bunga trenerning kasbiy rivojlanish ko‘rsatkichlari ham qo‘shilsa, baholash yanada mukammal bo‘ladi. Avstraliyaning maktab sport dasturini mustaqil baholash jarayonida 6 700 dan ortiq pedagog va 1 600 nafar trener hamda trenerlik xizmatini ko‘rsatuvchi mutaxassislar qatnashgan. Baholash natijasida dasturdan foydalanuvchilarning 89 foizi yoki undan ko‘prog‘i dasturga yuqori baho bergan va unda ishtirok etishni davom ettirish istagini bildirgan. Mazkur tajriba trener faoliyatining samaradorligini faqat musobaqa natijalariga bog‘lash shart emasligini ko‘rsatadi. Ommaviy va bolalar sportida trener samaradorligining asosiy ko‘rsatkichlaridan biri bolalarni sportga jalb qilish va ularni sportda saqlab qolish bo‘lishi mumkin. Shuning uchun professional sport treneri va ommaviy sport trenerining KPI tizimi bir xil bo‘lishi maqsadga muvofiq emas. O‘zbekiston amaliyotining kuchli tomoni trener natijalarini sportchilarning rasmiy musobaqalardagi yutuqlari va sport zaxirasini shakllantirish bilan bog‘lash hamda bu ma’lumotlarni ERP Sport orqali raqamlashtirishga o‘tilayotganidir. Xorijiy yondashuvlarning ustun tomoni esa trener samaradorligining ko‘p o‘lchovli tarzda baholanishidir. Xususan, Avstraliya tajribasida sport natijasi bilan birga sportchining rivojlanishi, trener kompetensiyasi, sportchi fikri, sport muhitining sifati va trenerning professional rivojlanishi ham hisobga olinadi. Shu nuqtai nazardan O‘zbekistonda mavjud natijaga asoslangan tizimni saqlab qolgan holda uni qo‘shimcha sifat ko‘rsatkichlari bilan boyitish maqsadga muvofiq. Xulosa va takliflar O‘tkazilgan tahlillar trenerlar faoliyati samaradorligini baholash sport tizimini boshqarishning muhim vositasi ekanligini ko‘rsatadi. O‘zbekistonda trenerlarning malaka toifalari, sportchilar natijalari va ERP Sport tizimi orqali ularning faoliyatini raqamli monitoring qilish uchun zarur asoslar shakllanmoqda. Shu bilan birga, trener faoliyatini faqat medal va musobaqa natijalari asosida baholash yetarli emas. Xorijiy tajriba trenerning kasbiy kompetensiyasi, sportchining rivojlanish dinamikasi, sportchi fikri, seleksiya samaradorligi va mashg‘ulot sifati kabi ko‘rsatkichlarni ham hisobga olish zarurligini ko‘rsatadi. Shu asosda quyidagilar taklif etiladi: 1. trenerlar faoliyatini baholashda ko‘p omilli KPI tizimini joriy etish; 2. sport natijalari bilan birga sportchining individual rivojlanishini ham hisobga olish; 3. ERP Sport tizimida trenerning raqamli samaradorlik profilini shakllantirish; 4. sportchi va ota-onalarning anonim fikrlarini baholash tizimiga kiritish; 5. yuqori natijali trenerlarni moddiy va kasbiy rag‘batlantirish; 6. baholash natijalarini malaka oshirish va xalqaro stajirovka dasturlari bilan bog‘lash.

Umuman, mahalliy tajribani xorijiy ko‘p mezonli baholash usullari bilan uyg‘unlashtirish trenerlar faoliyatini yanada xolis, shaffof va samarali baholash imkonini beradi.

Adabiyotlar, References, Литературы: 1.

O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi Qonuni. – Toshkent.

2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish, sport ta’limi tizimini takomillashtirish hamda yuqori natijali sportchilarni tayyorlashga oid farmon va qarorlari. 3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-avgustdagi 500-son qarori. Jismoniy tarbiya-sport tashkilotlarining trener-o‘qituvchilari va yo‘riqchi-uslubchilariga malaka toifalarini berish tartibi to‘g‘risida. 4. O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi. Jismoniy tarbiya va sport sohasida trenero‘qituvchilar va yo‘riqchi-uslubchilar faoliyati hamda malaka toifalarini berish bo‘yicha rasmiy ma’lumotlar. – Toshkent, 2025. 5. O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi. “ERP Sport” yagona elektron boshqaruv tizimini joriy etish va sportchilar hamda trenerlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni raqamlashtirishga oid rasmiy materiallar. 6. Australian Sports Commission. Modern Coaching Approach: Coach Development and Athlete-Centred Coaching Guidelines. – Australia. 7. Ibroximov O‘.I. Trenerlik kasbi. – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2007. 8. Khan, H., Khan, A., Iftikhar, S. The effects of coaching behavior on the effective performance of athletes. – 2021. 9. Matnazarov O‘., Jumaniyozov M. Jismoniy madaniyat va sportning psixologik-pedagogik asoslari: o‘quv qo‘llanma. – Toshkent, 2008. – 200 b. 10. Rosalejos, R.M., Lubos, L.C. Coaches’ coaching competencies and student athletes’ sports achievement // Liceo Journal of Higher Education Research. – 2019. 11. Salimov U.Sh. Sport bo‘yicha murabbiylarning asosiy malaka va ko‘nikmalari // Журнал универсальных научных исследований. – – B. 134–136. DOI: 10.71337/inlibrary.uz.universal-scientific-research.114794.

Мәтін мақала PDF-інен автоматты түрде алынған. Сурет, кесте және формулалар мәтінде көрінбеуі мүмкін · түпнұсқа көрінісі үшін PDF-ті қараңыз.

Метадеректер дереккөзі: журналдың OAI-PMH архиві.

Дәйексөз алу

APA 7
Ismailova, Dildora (2026). TRENERLAR FAOLIYATI SAMARADORLIGINI BAHOLASHNING MAHALLIY VA XORIJIY TAJRIBASI. Zamonaviy dunyoda amaliy fanlar, 5(16), 151-155.
GOST R 7.0.5
Ismailova, Dildora TRENERLAR FAOLIYATI SAMARADORLIGINI BAHOLASHNING MAHALLIY VA XORIJIY TAJRIBASI // Zamonaviy dunyoda amaliy fanlar. 2026. Т. 5. № 16. С. 151-155.
BibTeX
@article{dildora2026,
  author  = {Ismailova, Dildora},
  title   = {TRENERLAR FAOLIYATI SAMARADORLIGINI BAHOLASHNING MAHALLIY VA XORIJIY TAJRIBASI},
  journal = {Zamonaviy dunyoda amaliy fanlar},
  year    = {2026},
  volume  = {5},
  number  = {16},
  pages   = {151-155}
}
RIS
TY  - JOUR
AU  - Ismailova, Dildora
TI  - TRENERLAR FAOLIYATI SAMARADORLIGINI BAHOLASHNING MAHALLIY VA XORIJIY TAJRIBASI
JO  - Zamonaviy dunyoda amaliy fanlar
PY  - 2026
VL  - 5
IS  - 16
SP  - 151
EP  - 155
ER  -