Наука и инновации 4-том 70-нөмір (2026) · 163-168-беттер

QORAQALPOG‘ISTON RESPUBLIKASIDA SUT MAHSULOTLARI ISHLAB CHIQARISH VA QAYTA ISHLASH TIZIMINI TAKOMILLASHTIRISHNING AGROIQTISODIY MEXANIZMLARI

Sherbekova, Ariuxan

Дереккөзден оқу PDF

Аңдатпа

Mazkur tezisda Qoraqalpog‘iston Respublikasida sut mahsulotlari ishlab chiqarish va qayta ishlash tizimining hozirgi holati, uning rivojlanishiga ta’sir etuvchi agroiqtisodiy omillar hamda mavjud muammolar tadqiq etilgan. Hududda sut chorvachiligini rivojlantirish, sut xomashyosini yetishtirish hajmini ko‘paytirish, mahsulot sifatini oshirish, qayta ishlash korxonalarining ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish va ishlab chiqaruvchilar bilan qayta ishlovchilar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Shuningdek, fermer va dehqon xo‘jaliklarining sut yetishtirishdagi ishtirokini oshirish, kooperatsiya tizimini rivojlantirish, logistika va sovutish infratuzilmasini takomillashtirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish asosida ishlab chiqarish tannarxini pasaytirish yo‘nalishlari tahlil qilingan. Tadqiqot natijasida hududda sut mahsulotlari ishlab chiqarish va qayta ishlash tizimining iqtisodiy samaradorligini oshirishga qaratilgan agroiqtisodiy mexanizmlar va amaliy takliflar ishlab chiqilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, sut chorvachiligi, sut mahsulotlari, agroiqtisodiy mexanizm, qayta ishlash, fermer xo‘jaligi, dehqon xo‘jaligi, kooperatsiya, logistika, oziq-ovqat xavfsizligi, iqtisodiy samaradorlik, raqobatbardoshlik.

HTML толық мәтін

QORAQALPOG‘ISTON RESPUBLIKASIDA SUT MAHSULOTLARI ISHLAB CHIQARISH VA QAYTA ISHLASH TIZIMINI TAKOMILLASHTIRISHNING AGROIQTISODIY MEXANIZMLARI Sherbekova Ariuxan Rashidovna Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti tayanch doktoranti Annotatsiya Mazkur tezisda Qoraqalpog‘iston Respublikasida sut mahsulotlari ishlab chiqarish va qayta ishlash tizimining hozirgi holati, uning rivojlanishiga ta’sir etuvchi agroiqtisodiy omillar hamda mavjud muammolar tadqiq etilgan. Hududda sut chorvachiligini rivojlantirish, sut xomashyosini yetishtirish hajmini ko‘paytirish, mahsulot sifatini oshirish, qayta ishlash korxonalarining ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish va ishlab chiqaruvchilar bilan qayta ishlovchilar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Shuningdek, fermer va dehqon xo‘jaliklarining sut yetishtirishdagi ishtirokini oshirish, kooperatsiya tizimini rivojlantirish, logistika va sovutish infratuzilmasini takomillashtirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish asosida ishlab chiqarish tannarxini pasaytirish yo‘nalishlari tahlil qilingan. Tadqiqot natijasida hududda sut mahsulotlari ishlab chiqarish va qayta ishlash tizimining iqtisodiy samaradorligini oshirishga qaratilgan agroiqtisodiy mexanizmlar va amaliy takliflar ishlab chiqilgan. Kalit so‘zlar: Qoraqalpog‘iston Respublikasi, sut chorvachiligi, sut mahsulotlari, agroiqtisodiy mexanizm, qayta ishlash, fermer xo‘jaligi, dehqon xo‘jaligi, kooperatsiya, logistika, oziq-ovqat xavfsizligi, iqtisodiy samaradorlik, raqobatbardoshlik. Abstract This thesis examines the current state of the dairy production and processing system in the Republic of Karakalpakstan, agro-economic factors affecting its development, and existing problems. Particular attention is paid to the development of dairy farming in the region, increasing the volume of dairy raw material production, improving product quality, effective use of processing facilities, and strengthening economic ties between producers and processors. Also, the areas of increasing the participation of farmers and peasant farms in dairy production, developing a cooperation system, improving logistics and refrigeration infrastructure, and reducing production costs based on the introduction of modern technologies were analyzed. As a result of the study, agro-economic mechanisms and practical proposals were developed to increase the economic efficiency of the dairy production and processing system in the region.

Keywords: Republic of Karakalpakstan, dairy farming, dairy products, agro-economic mechanism, processing, farm, peasant economy, cooperation, logistics, food security, economic efficiency, competitiveness. Kirish Aholining sifatli va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini barqaror ta’minlash agrar sektorni rivojlantirishning muhim strategik yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, sut va sut mahsulotlari inson organizmi uchun zarur bo‘lgan oqsil, yog‘, mineral moddalar hamda vitaminlarning muhim manbai sifatida oziq-ovqat xavfsizligi tizimida alohida o‘rin egallaydi. Shu sababli sut chorvachiligini rivojlantirish, sut yetishtirish hajmini ko‘paytirish va uni chuqur qayta ishlash tizimini takomillashtirish hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasining tabiiy-iqlim sharoiti, chorvachilikka ixtisoslashgan qishloq xo‘jaligi xo‘jaliklarining mavjudligi hamda aholining chorvachilik bilan shug‘ullanish bo‘yicha shakllangan tajribasi hududda sut mahsulotlari ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun muayyan imkoniyatlarni yaratadi. Shu bilan birga, hududning ekologik sharoiti, suv resurslarining cheklanganligi, ozuqa bazasining yetarli darajada shakllanmaganligi, chorva mollari mahsuldorligining nisbatan pastligi va zamonaviy qayta ishlash quvvatlarining hududlar bo‘yicha bir tekis joylashmaganligi sut ishlab chiqarish samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Sut mahsulotlari ishlab chiqarish tizimida asosiy muammolardan biri sut xomashyosining katta qismi kichik dehqon va tomorqa xo‘jaliklarida yetishtirilishi bilan bog‘liq. Bunday xo‘jaliklarda ishlab chiqarish hajmining kichikligi, sog‘ish, saqlash va tashish jarayonlarida zamonaviy texnologiyalarning yetarli darajada qo‘llanilmasligi sut sifatini bir xil standartda ta’minlash imkoniyatini cheklaydi. Natijada qayta ishlash korxonalari uchun sifatli va barqaror xomashyo bazasini shakllantirishda qator iqtisodiy hamda tashkiliy muammolar yuzaga keladi. Mazkur sharoitda sut ishlab chiqaruvchilar, qayta ishlash korxonalari, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar va savdo tarmoqlari o‘rtasida samarali iqtisodiy integratsiyani ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, sut yig‘ish punktlarini tashkil etish, sovutish va saqlash infratuzilmasini rivojlantirish, veterinariya va zooteхnika xizmatlari sifatini oshirish, yem-xashak bazasini mustahkamlash hamda qishloq xo‘jaligi kooperatsiyasini kengaytirish hududda sut sanoatining barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.

Sut mahsulotlarini qayta ishlash darajasini oshirish iqtisodiy jihatdan ham katta ahamiyatga ega. Xom sutni qayta ishlash orqali sut, qatiq, kefir, smetana, sariyog‘, pishloq, tvorog va boshqa yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi. Bu esa bir tomondan ishlab chiqaruvchilarning daromadini oshirsa, ikkinchi tomondan mahalliy bozorda mahsulotlar assortimentini kengaytirish va importga qaramlikni kamaytirishga yordam beradi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida sut mahsulotlari ishlab chiqarish va qayta ishlash tizimini takomillashtirishning agroiqtisodiy mexanizmlarini ishlab chiqishda hududiy xususiyatlarni inobatga olish zarur. Bunda ishlab chiqarish resurslaridan samarali foydalanish, chorvachilik xo‘jaliklarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, imtiyozli kredit va subsidiyalar tizimini takomillashtirish, ishlab chiqaruvchi va qayta ishlovchilar o‘rtasida uzoq muddatli shartnomaviy munosabatlarni rivojlantirish hamda tayyor mahsulotlarni sotish bozorlarini kengaytirish muhim yo‘nalishlar hisoblanadi. TAHLIL VA NATIJALAR Qoraqalpog‘iston Respublikasida sut mahsulotlari ishlab chiqarish va qayta ishlash tizimini rivojlantirish hududning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq aholisi bandligini oshirish va agrar xo‘jaliklar daromadlarini ko‘paytirishning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Hududda sut chorvachiligining rivojlanish tendensiyalari tahlili sut xomashyosini ishlab chiqarish hajmi barqaror saqlanayotganini, biroq ishlab chiqarishning xo‘jaliklar bo‘yicha yuqori darajada tarqoq ekanligini ko‘rsatadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Statistika boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilning yanvar–iyun oylarida hududda jami 139,2 ming tonna sut ishlab chiqarilgan bo‘lib, bu 2022yilning mos davriga nisbatan 2,7 foiz ko‘p bo‘lgan. Mazkur sutning 88,2 foizi dehqon va tomorqa xo‘jaliklari hissasiga to‘g‘ri kelgan. 2023-yilning yanvar–sentabr oylariga kelib sut ishlab chiqarish hajmi 255,8 ming tonnaga yetib, yillik o‘sish 3,8 foizni tashkil qilgan, dehqon va tomorqa xo‘jaliklarining ulushi esa 89,9 foizga yetgan. 2024-yilning yanvar–iyun oylarida Qoraqalpog‘iston Respublikasida jami 140,5 ming tonna sut ishlab chiqarilgan. Bu 2023-yilning tegishli davriga nisbatan 0,9 foizlik o‘sishni anglatadi. Ushbu hajmning 125,6 ming tonnasi yoki 89,4 foizi dehqon va tomorqa xo‘jaliklari, 13,1 ming tonnasi fermer xo‘jaliklari va 1,8 ming tonnasi qishloq xo‘jaligi faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar hissasiga to‘g‘ri kelgan. 2025-yilda sut ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarida ham ijobiy dinamika kuzatildi. Yilning dastlabki uch oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasida 59,8 ming tonna sut sog‘ib olingan bo‘lib, bu 2024-yilning mos davriga nisbatan 7,1 foizga ko‘p bo‘lgan. Shundan 49,9 ming tonnasi dehqon va tomorqa xo‘jaliklari, 8,9 ming tonnasi fermer xo‘jaliklari va qariyb 1,0 ming tonnasi qishloq xo‘jaligi tashkilotlariga to‘g‘ri kelgan. Natijada dehqon va tomorqa xo‘jaliklarining sut ishlab chiqarishdagi ulushi 83,5 foizni tashkil qilgan. 2025-yil yanvar–sentabr oylarida esa sut ishlab chiqarish hajmi 270,0 ming tonnaga yetgan. Ushbu ko‘rsatkich 2024-yilning tegishli davriga nisbatan 0,3 foiz yuqori bo‘lgan. Jami sutning 243,5 ming tonnasi dehqon va tomorqa xo‘jaliklarida, 23,1 ming tonnasi fermer xo‘jaliklarida, 3,4 ming tonnasi esa qishloq xo‘jaligi tashkilotlarida yetishtirilgan. E’tiborga molik jihati shundaki, fermer xo‘jaliklarida sut ishlab chiqarish 6,5 foizga, qishloq xo‘jaligi tashkilotlarida esa 16,8 foizga oshgan. Bu ishlab chiqarishning asta-sekin nisbatan yirik va tashkiliy jihatdan barqaror subyektlarga o‘tish imkoniyatlari mavjudligini ko‘rsatadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida sut ishlab chiqarishning asosiy ko‘rsatkichlari Ko‘rsatkich Hajmi O‘sish Asosiy xususiyat sur’ati 2023-yil yanvar–iyun 139,2 ming 102,7 % Dehqon va tomorqa xo‘jaliklari tonna ulushi – 88,2 % 2023-yil yanvar– 255,8 ming 103,8 % Dehqon va tomorqa xo‘jaliklari sentabr tonna ulushi – 89,9 % 2024-yil yanvar–iyun 140,5 ming 100,9 % Dehqon va tomorqa xo‘jaliklari tonna ulushi – 89,4 % 2025-yil yanvar–mart 59,8 ming 107,1 % Dehqon va tomorqa xo‘jaliklari tonna ulushi – 83,5 % 2025-yil yanvar– 270,0 ming 100,3 % Fermer xo‘jaliklarida o‘sish – sentabr tonna 106,5 % 2025-yil yanvar– 470,7 ming — Sut ishlab chiqarish hajmi yuqori dekabr tonna darajada saqlangan Manba: Qoraqalpog‘iston Respublikasi Statistika boshqarmasi ma’lumotlari asosida tuzilgan.

2025-yil yakunlari sut chorvachiligining hudud iqtisodiyotidagi salohiyatini yanada yaqqol ko‘rsatadi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, yil davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasida barcha toifadagi xo‘jaliklar tomonidan 470,7 ming tonna sut, 130,3 ming tonna go‘sht va 425,0 mln dona tuxum ishlab chiqarilgan. Chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarishning umumiy qiymati esa 10 961,9 mlrd so‘mni tashkil etgan. Hududiy kesimdagi tahlil sut ishlab chiqarish geografiyasida sezilarli tafovutlar mavjudligini ko‘rsatadi. Masalan, 2024-yil yanvar–iyun oylarida Amudaryo tumanida 20,3 ming tonna, To‘rtko‘l tumanida 17,4 ming tonna, Beruniy tumanida 16,8 ming tonna sut ishlab chiqarilgan. Aksincha, Nukus shahrida bu ko‘rsatkich 634 tonna, Mo‘ynoq tumanida 2,3 ming tonna va Bo‘zatov tumanida 3,3 ming tonnani tashkil etgan. 2025-yilning yanvar–mart oylarida ham Amudaryo, Beruniy, To‘rtko‘l va Ellikqal’a tumanlari yetakchi ishlab chiqaruvchi hududlar bo‘lib qolgan. Jumladan, Amudaryoda 9,4 ming tonna, Beruniyda 7,0 ming tonna, To‘rtko‘lda 6,9 ming tonna va Ellikqal’ada 5,3 ming tonna sut sog‘ib olingan. Ushbu to‘rtta hududning o‘zi Qoraqalpog‘iston Respublikasida ishlab chiqarilgan sutning katta qismini shakllantiradi. Mazkur holat sutni qayta ishlash korxonalarini joylashtirishda hududiy xomashyo bazasini hisobga olish zarurligini ko‘rsatadi. Xususan, Amudaryo–Beruniy–To‘rtko‘l–Ellikqal’a yo‘nalishida sut yig‘ish, dastlabki sovutish, laboratoriya nazorati va qayta ishlash markazlarini tashkil qilish iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq hisoblanadi. Bunday hududiy klaster xom sutni uzoq masofaga tashish xarajatlarini kamaytirish, sutning buzilish xavfini pasaytirish va qayta ishlash korxonalarining xomashyo bilan muntazam ta’minlanishini yaxshilash imkonini beradi. Tahlilning yana bir muhim natijasi shundan iboratki, Qoraqalpog‘istonda sut ishlab chiqarish hajmining yuqoriligiga qaramasdan, uning asosiy qismi kichik xo‘jaliklarda shakllanmoqda. Masalan, 2025-yil yanvar–sentabrida 270,0 ming tonna sutning 243,5 ming tonnasi, ya’ni qariyb 90 foizi dehqon va tomorqa xo‘jaliklari tomonidan ishlab chiqarilgan. Bu esa qayta ishlash sanoati uchun bir vaqtning o‘zida ham imkoniyat, ham muammo hisoblanadi. Imkoniyat shundaki, hududda katta xomashyo bazasi mavjud; muammo esa xomashyoning minglab kichik ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida tarqoq joylashganligidir. Shu sababli mavjud agroiqtisodiy mexanizmda “ishlab chiqaruvchi – sut yig‘ish punkti – sovutish markazi – qayta ishlash korxonasi – savdo tarmog‘i” shaklidagi integratsiyalashgan qiymat zanjirini shakllantirish muhim hisoblanadi. Sut yig‘ish punktlarining tashkil etilishi kichik xo‘jaliklar mahsulotini markazlashtirish, sifat bo‘yicha saralash va qayta ishlovchi korxonalarga standartlashtirilgan xomashyo yetkazib berish imkonini yaratadi.

Qayta ishlash sanoatining umumiy rivojlanish ko‘rsatkichlari ham bu yo‘nalishda iqtisodiy imkoniyat mavjudligini ko‘rsatmoqda. 2023-yil yanvar–noyabr oylarida Qoraqalpog‘istonda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2 561,9 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2024-yilning shu davrida ushbu ko‘rsatkich 3 575,7 mlrd so‘mga yetgan. 2024yilda oziq-ovqat sanoatining ishlab chiqaruvchi sanoat tarkibidagi ulushi 20,7 foizga yetgan. Bu sut mahsulotlarini chuqur qayta ishlash uchun ham sanoat bazasi va ichki talab kengayayotganini anglatadi. Shu bilan birga, 2025-yil tashqi savdo ma’lumotlari qayta ishlash tizimida foydalanilmagan imkoniyatlar mavjudligidan dalolat beradi. Qoraqalpog‘iston Respublikasiga 2025-yilda sut mahsulotlari va qush tuxumlari importi 920 ming AQSH dollarini tashkil etib, ushbu toifadagi import qiymati oldingi yilga nisbatan 193,8 foizga yetgan. Hududning o‘zida 470 ming tonnadan ortiq sut ishlab chiqarilayotgan bir sharoitda ayrim tayyor sut mahsulotlariga import talabining mavjudligi mahalliy chuqur qayta ishlash salohiyati to‘liq ishga solinmaganligini ko‘rsatadi. Shuning uchun sut xomashyosini faqat ichimlik suti sifatida realizatsiya qilishdan ko‘ra, uni yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarga aylantirish iqtisodiy jihatdan samaraliroq hisoblanadi. Jumladan, pishloq, sariyog‘, tvorog, yogurt, qatiq, qaymoq, quruq sut va boshqa uzoq muddat saqlanadigan mahsulotlarni ishlab chiqarish xom sutning iqtisodiy qiymatini oshiradi. Bundan tashqari, saqlash muddati uzun mahsulotlar Qoraqalpog‘istonning geografik joylashuvi va tumanlar o‘rtasidagi uzoq transport masofalari sharoitida ayniqsa muhim hisoblanadi. XULOSA Qoraqalpog‘iston Respublikasida sut mahsulotlari ishlab chiqarish va qayta ishlash tizimini rivojlantirish hududning oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, qishloq aholisi bandligini ta’minlash, dehqon va fermer xo‘jaliklari daromadlarini oshirish hamda mahalliy sanoatning raqobatbardoshligini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Tadqiqot natijalari hududda sut ishlab chiqarish uchun yetarli xomashyo salohiyati mavjudligini, biroq uni yig‘ish, saqlash, qayta ishlash va iste’molchiga yetkazib berish jarayonlarida bir qator tashkiliy-iqtisodiy muammolar saqlanib qolayotganini ko‘rsatdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida sut ishlab chiqarishning asosiy qismi dehqon va tomorqa xo‘jaliklari hissasiga to‘g‘ri keladi. Mazkur holat bir tomondan, aholining sut chorvachiligidagi yuqori ishtirokini ko‘rsatsa, ikkinchi tomondan, ishlab chiqarishning tarqoq shakllanganligi sababli qayta ishlash korxonalarini barqaror va standart sifatdagi xomashyo bilan ta’minlashni murakkablashtiradi. Shu sababli kichik ishlab chiqaruvchilarni kooperatsiya asosida birlashtirish va ular bilan qayta ishlash korxonalari o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarni mustahkamlash zarur.

Hududda sut ishlab chiqarish hajmining yuqoriligi qayta ishlash sanoatini yanada rivojlantirish uchun muhim iqtisodiy imkoniyat yaratadi. Ayniqsa, sutni faqat xomashyo sifatida sotishdan ko‘ra, uni pishloq, yogurt, sariyog‘, tvorog, qaymoq, quruq sut va boshqa yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarga qayta ishlash ishlab chiqaruvchilarning daromadliligini oshirish imkonini beradi. Bunda zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish, mahsulot sifatini xalqaro va milliy standartlarga moslashtirish hamda mahalliy brendlarni rivojlantirish alohida ahamiyatga ega. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, Amudaryo, Beruniy, To‘rtko‘l va Ellikqal’a kabi sut ishlab chiqarish salohiyati yuqori hududlarda sut yig‘ish va sovutish punktlarini tashkil qilish iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqdir. Ushbu yondashuv xom sutni tashish jarayonidagi yo‘qotishlarni kamaytirish, sifat ko‘rsatkichlarini saqlab qolish, qayta ishlash korxonalarining xomashyo bilan uzluksiz ta’minlanishini yaxshilash hamda ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish imkonini beradi. Shuningdek, sut chorvachiligining iqtisodiy samaradorligini oshirish uchun yem-xashak bazasini mustahkamlash, naslli qoramollar ulushini oshirish, veterinariya va sun’iy urug‘lantirish xizmatlari sifatini yaxshilash, sut mahsuldorligini oshiruvchi zamonaviy texnologiyalardan foydalanish lozim. Sutning xarid narxlarini uning yog‘lilik darajasi, oqsil miqdori, sanitariya holati va boshqa sifat ko‘rsatkichlariga bog‘lash ishlab chiqaruvchilarni sifatli mahsulot yetishtirishga rag‘batlantiruvchi samarali iqtisodiy mexanizm bo‘lib xizmat qiladi.

Shu asosda Qoraqalpog‘iston Respublikasida sut mahsulotlari ishlab chiqarish va qayta ishlash tizimini takomillashtirish nafaqat agrar sektor samaradorligini oshirishga, balki yangi ish o‘rinlari yaratish, mahalliy bozorni sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash, importga qaramlikni kamaytirish va hududning umumiy iqtisodiy salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Adabiyotlar, References, Литературы: 1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti (2019) O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020–2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida. PF5853-son Farmon, 23-oktabr 2019. Toshkent: O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi. 2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti (2022) O‘zbekiston Respublikasida chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan dasturni tasdiqlash to‘g‘risida. PQ-120-son Qaror, 8-fevral 2022. Toshkent. 3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti (2022) Chorvachilikni yanada rivojlantirish va chorva ozuqa bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida. PQ-121-son Qaror, 8-fevral 2022. Toshkent. 4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Statistika boshqarmasi (2025) Qoraqalpog‘iston Respublikasida qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi: 2025-yil yanvar–sentabr. Nukus: Qoraqalpog‘iston Respublikasi Statistika boshqarmasi. 5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Statistika boshqarmasi (2025) Qoraqalpog‘iston Respublikasining tashqi savdo aylanmasi: 2025-yil yanvar–dekabr. Nukus: Qoraqalpog‘iston Respublikasi Statistika boshqarmasi. 6. World Bank (2023) World Bank to Help Uzbekistan Develop a Productive, Sustainable, and Market-Oriented Livestock Sector. Washington, DC: World Bank. 7. Zorya, S. (2020) Recent Agricultural Growth in Uzbekistan: Assessment and Forecast. Washington, DC: World Bank Group.

Мәтін мақала PDF-інен автоматты түрде алынған. Сурет, кесте және формулалар мәтінде көрінбеуі мүмкін · түпнұсқа көрінісі үшін PDF-ті қараңыз.

Метадеректер дереккөзі: журналдың OAI-PMH архиві.

Дәйексөз алу

APA 7
Sherbekova, Ariuxan (2026). QORAQALPOG‘ISTON RESPUBLIKASIDA SUT MAHSULOTLARI ISHLAB CHIQARISH VA QAYTA ISHLASH TIZIMINI TAKOMILLASHTIRISHNING AGROIQTISODIY MEXANIZMLARI. Наука и инновации, 4(70), 163-168.
GOST R 7.0.5
Sherbekova, Ariuxan QORAQALPOG‘ISTON RESPUBLIKASIDA SUT MAHSULOTLARI ISHLAB CHIQARISH VA QAYTA ISHLASH TIZIMINI TAKOMILLASHTIRISHNING AGROIQTISODIY MEXANIZMLARI // Наука и инновации. 2026. Т. 4. № 70. С. 163-168.
BibTeX
@article{ariuxan2026,
  author  = {Sherbekova, Ariuxan},
  title   = {QORAQALPOG‘ISTON RESPUBLIKASIDA SUT MAHSULOTLARI ISHLAB CHIQARISH VA QAYTA ISHLASH TIZIMINI TAKOMILLASHTIRISHNING AGROIQTISODIY MEXANIZMLARI},
  journal = {Наука и инновации},
  year    = {2026},
  volume  = {4},
  number  = {70},
  pages   = {163-168}
}
RIS
TY  - JOUR
AU  - Sherbekova, Ariuxan
TI  - QORAQALPOG‘ISTON RESPUBLIKASIDA SUT MAHSULOTLARI ISHLAB CHIQARISH VA QAYTA ISHLASH TIZIMINI TAKOMILLASHTIRISHNING AGROIQTISODIY MEXANIZMLARI
JO  - Наука и инновации
PY  - 2026
VL  - 4
IS  - 70
SP  - 163
EP  - 168
ER  -