Innovations in Science and Technologies 3-jild 8-son (2026) · 2-20-betlar
O‘ZBEKISTONDA MASOFAVIY TA’LIM PLATFORMALARINING RAQAMLI YETUKLIK DARAJASINI BAHOLASH MODELI
Yaxshiboyev, Rustam
Annotatsiya
O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida masofaviy ta’lim shakli qisqa muddat ichida keng miqyosda joriy etildi: 2025-yil yakunlariga ko‘ra masofaviy ta’lim dasturlarini amalga oshiruvchi oliy ta’lim muassasalari soni 21 tadan 52 taga yetdi, sirtqi ta’lim shakliga qabul esa 2025/2026-o‘quv yilidan boshlab to‘xtatildi. Bunday jadal ekspansiya sharoitida masofaviy ta’lim platformalarining holatini nafaqat me’yoriy talablarga muvofiqlik («bor – yo‘q») nuqtai nazaridan, balki rivojlanganlik darajasi sifatida o‘lchash zaruriyati yuzaga keldi. Tadqiqotning maqsadi – masofaviy ta’lim platformalarining raqamli yetuklik darajasini baholashning ko‘p o‘lchovli modelini ishlab chiqish va uni metodologik jihatdan asoslashdan iborat. Tadqiqot Design Science Research paradigmasi hamda yetuklik modellarini ishlab chiqishning protsedura modeli asosida bajarildi; xalqaro yetuklik modellari (eMM, DigCompOrg, DMFHEI, HELA-CMM) tahlili milliy me’yoriy hujjatlarning – Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 3-oktabrdagi 559-son qarori bilan tasdiqlangan Nizom va O‘zDSt 36.2030 standartining – mazmuniy tahlili bilan uyg‘unlashtirildi. Natijada olti o‘lchov va 36 indikatordan tashkil topgan RY-MTP modeli, besh pog‘onali yetuklik shkalasi hamda ikki komponentli integral indeks (RYI) taklif etildi. Indeks kompensatsiyalanuvchi (vaznli arifmetik) va kompensatsiyalanmaydigan (vaznli geometrik) agregatlash usullarini birlashtiradi, muvozanat koeffitsiyenti (B) hamda «cheklovchi o‘lchov»ni aniqlaydi. Shartli profillar asosidagi verifikatsiya faqat additiv agregatlash platforma yetukligini oshirib ko‘rsatishini va reyting tartibini buzishini ko‘rsatdi: texnologik jihatdan kuchli, ammo pedagogik va tahliliy jihatdan zaif profil additiv indeks bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan holda, birlashtirilgan indeks bo‘yicha muvozanatli profildan pastga tushdi. Vaznlarni ±20 foizga o‘zgartirish va teng vaznlar sxemasi xulosani o‘zgartirmadi, ya’ni model vazn noaniqligiga chidamli. Taklif etilgan model oliy ta’lim muassasalari uchun investitsiya ustuvorliklarini asoslash, vazirlik va sifat nazorati organlari uchun esa benchmarking hamda maqsadli monitoring vositasi sifatida qo‘llanilishi mumkin.
masofaviy ta’lim, raqamli yetuklik, yetuklik modeli, LMS platforma, ko‘p mezonli baholash, integral indeks, kompensatsiyalanmaydigan agregatlash, oliy ta’lim, ta’lim sifati monitoringi, O‘zbekiston.
Metadata manbasi: jurnal OAI-PMH arxivi · Sindex toʻliq matnni saqlamaydi, manbaga havola beradi.